4 nafar hokim oʻrinbosari katta miqdorda pora olayotganda ushlandi

21:50 15 Oktyabr 2020 Siyosat
3819 0

Joriy yilning 15-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida oʻtkazilgan yigʻilishda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Majlisda oxirgi olti oyda bu yoʻnalishda olib borilayotgan keskin kurash oʻz natijasini berayotgani qayd etildi. Koʻrilgan choralar natijasida bir qator mansabdor shaxslar qoʻlga olingan boʻlib, ularga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda hamda tegishli jazo choralari belgilanishi kutilmoqda.

Jumladan, Qibray tumani hokimining investitsiya masalalari boʻyicha oʻrinbosari J.Mashrabov 2020-yilning 11-iyun kuni Qibray tumanidan 9 gektar boʻsh yer maydonini 60 ming AQSH dollariga sotishni taklif qilib, 35 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtda jinoyat ustida qoʻlga olingan.

Toshkent shahar hokimligi qoshidagi kapital qurilish bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari B.Allamuratov Chilonzor tumanidagi investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi X.Shukuraliyevga 2020-yilning 25-iyun kuni Chilonzor tumanidagi 1 gektar yer maydonini 1 mln. 400 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtda qoʻlga olingan.

Andijon viloyati, Marhamat tumani hokimi yordamchisi U.Alijonov 2020-yilning sentyabr oyida yaqin aloqalari orqali Marhamat tumani hududidan 11 ga yer maydoni ajratish uchun jami 29 000 AQSH dollari miqdoridagi noqonuniy pulni olayotgan vaqtda jinoyat ustida ushlangan.

Fargʻona viloyati, Buvayda tumani hokimining birinchi oʻrinbosari M.Dehqanov joriy yilning oktyabr oyida Buvayda tumanida joylashgan “Erkin iqtisodiy hudud”dan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun 50 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 20 000 AQSH dollari olgan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olingan.

Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumani hokimi oʻrinbosari A.Toʻymachov, Kadastr boʻlimi boshligʻi I.Qoraboyev bilan birgalikda 2020-yilning 18-mart kuni Oqqoʻrgʻon tumanida joylashgan 1,5 ga yer maydonini 1500 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olingan.

Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani hokimining oʻrinbosari Z.Mirzaxodjayev 2020-yilning oktyabr oyida Boʻstonliq tumanida joylashgan 5 sotix yer maydonini 25 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?