253 gektar tutzoriga jiddiy ziyon yetgan Olot tumanida pillachilar vaziyatdan qanday qilib chiqishdi?

23:10 22 May 2020 Iqtisodiyot
283 0

Xabaringiz bor, 27-aprel kechqurun sodir boʻlgan tabiiy ofat Olot tumanining nafaqat turarjoylar, ijtimoiy obyektlari, balki qishloq xoʻjaligiga ham jiddiy ziyon yetkazdi. Xususan, 253 gektarni tashkil etgan tutzorlarni toʻfon va jala abgor holga keltirdi.

— Bilasiz, tabiiy ofatdan koʻplab turar – joylar taʼmirtalab holga tushdi, — deydi tuman “Agropilla” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Azamat Ahrorov. — Lekin bundan pillachilarimiz sarosimaga tushmadilar. Ular yashab turgan uylari tom qismi shiferlarini toʻfon qoʻporib tashladi. Shunga qaramay, ipak qurti parvarishini risoladagiday olib bordilar. Natijada sifatli hosil yetishtirildi. Pillani topshirish ishlari uyushqoqlik bilan davom etyapti.

— Pillachilikdagi yutuqlarim uchun oʻtgan yilda Prezidentimiz Farmoniga koʻra, bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanganman, — deydi ilgʻor pillakorlardan biri Nazokat Salimova. — Bu yilgi sinovli damlarda ham koʻp yillik tajribaga tayanib ishlayapmiz. Kam boʻlganimiz yoʻq.

Shu oʻrinda bir misol. Pillachi Dilsoʻz Xudoyeva 1 quti ipak qurti parvarishlab, 125 kilogramm “kumush tola” yetishtirishga muvaffaq boʻldi. Unga va u kabi samarali mehnat qilgan bir guruh pillachilarga viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi K. Kamolov tomonidan qimmatbaho sovgʻalar topshirildi. Jumladan, D. Xudoyevaga televizor va ikki million soʻm miqdorida ragʻbat puli berildi. Taʼkidlash joizki, viloyat mutasaddilari tashabbusi bilan rejadan tashqari yetishtirilgan pillaning har kilogrammi uchun 25 ming soʻmdan qoʻshimcha ragʻbat puli berilyapti. Bu soha xodimlari ruhiga ruh qoʻshdi.

Maʼlumotlarga qaraganda, Olotda joriy mavsumda 3 ming qutidan ziyod ipak qurti parvarishlandi. Tabiiyki, ofat oqibatida tutzorlarga ziyon yetgan boʻlsa, ozuqa taʼminoti masalasi qanday hal etildi, degan savol tugʻiladi. Bu muammoga qoʻshni Jondor, Romitan, Peshku tumanlaridan tut bargini tashib keltirish yoʻli bilan yechim topildi. Boshqacha aytganda, olotliklar bu jihatdan ham oʻzlarini yolgʻiz his etishmadi.

Istam IBROHIMOV, 
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?