2026-yilgi qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga — Italiya mezbon

10:59 25 Iyun 2019 Sport
421 0

Kortina-dʼAmpessodagi togʻ changʻisi kompleksi | Foto: Yes Travel

2026-yilga qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarini Italiyaning Milan va Kortina-dʻAmpesso shaharlari qabul qiladi. Bu yaqinda Lozanna shahrida boʻlib oʻtgan XOQning 134-sessiyasida maʼlum boʻldi, deb yozadi TASS.

XXV qishki olimpiada oʻyinalarini qabul qilishga Stokgolm shahri ham daʼvogarlik qilgandi. Ovoz berish yakunlarini XOQ prezidenti Tomas Bax aytib oʻtdi.

Italyan shaharlariga 47 kishi ovoz bergan boʻlsa, Shvetsiya poytaxtini 34 kishi qoʻllab-quvvatlagan, yani bir kishi betaraf qolgan.

“Biz qishki sport turlari boʻyicha boy anʼanaga ega boʻlgan davlatda misli koʻrilmagan Olimpiada oʻtkazilishidan umidvormiz —, dedi Bax. — Italyan ishqibozlarining ehtirosi tashkilotchilar tajribasi bilan birgalikda dunyoning eng yaxshi sportchilari uchun ideal muhit yaratib beradi”.

Eslatib oʻtamiz, Italiya Olimpiya oʻyinlarini 4-bor qabul qiladi. 1956-yilda Kortina-dʻAmpessoda va 2006-yilda Turinda qishki, 1960-yilda esa Rimda yozgi Olimpiada musobaqalari boʻlib oʻtgan.

Stokgolm esa 1912-yilda Olimpiya poytaxtiga aylangandi. Shundan soʻng 2004-yilda yozgi Olimpiadani qabul qilishga daʼvogarlik qilgan, ammo yakunda Afinaga bu borada omad kulib boqqan edi. Umuman olganda, Shvetsiya 1912-yildan soʻng sakkiz marotaba Olimpiya oʻyinlarini oʻtkazishga daʼvo qilgan, lekin hammasi muvaffaqiyatsiz yakunlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?