2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida

17:07 10 Dekabr 2019 Hujjatlar
9837 0

Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 21-noyabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019-yil 30-noyabrda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi – Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan qonun bilan belgilangan miqdorda ajratiladigan byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi yuridik shaxs;

ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga biriktiriladigan va oʻziga ajratiladigan byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi yuridik shaxs;

umumiy fiskal balans – Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjetini hamda davlat dasturlarini amalga oshirish uchun chetdan jalb qilingan va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti hisobidan qoplanadigan qarz mablagʻlari evaziga amalga oshiriladigan xarajatlarni oʻz ichiga olgan jamlanma balans;

hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi –oʻz tasarrufida Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetidan, viloyatlar viloyat byudjetlaridan, Toshkent shahri shahar byudjetidan, tumanlar va shaharlar byudjetlaridan mablagʻ oluvchi tashkilotlarga ega boʻlgan yuridik shaxs, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetidan, viloyatlar viloyat byudjetlaridan va Toshkent shahri shahar byudjetidan, tumanlar va shaharlar byudjetlaridan moliyalashtiriladigan byudjet tashkiloti yoki byudjet mablagʻlari oluvchi.

3-modda. 2020-yilda byudjet jarayoni ishtirokchilari oʻrtasida byudjet vakolatlarini taqsimlashning oʻziga xos xususiyatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari (bundan buyon matnda Oliy Majlis palatalari deb yuritiladi):

birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan (bundan buyon matnda respublika byudjeti deb yuritiladi) ajratiladigan mablagʻlarni tasdiqlaydi;

respublika byudjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar miqdorlarini tasdiqlaydi;

respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarga ushbu Qonunga muvofiq oʻzgartirishlar kiritadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi):

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining loyihasini tayyorlashda hamda respublika byudjetidan mablagʻlarni ajratishda asos sifatida foydalanish uchun birinchi va ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar roʻyxatini tasdiqlaydi;

birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan
byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini tasdiqlaydi;

ushbu Qonunda nazarda tutilgan vakolatlar doirasida birinchi va ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun byudjetdan ajratilgan mablagʻlarga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni maʼqullaydi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tegishli ravishda:

a) quyidagilarni tasdiqlaydi:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetidan, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan, tumanlar va shaharlar byudjetlaridan hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetidan, viloyatlar viloyat byudjetlaridan va Toshkent shahri shahar byudjetidan tumanlar va shaharlar byudjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlarning cheklangan miqdorlarini;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari, Toshkent shahri shahar byudjeti, tumanlar va shaharlar byudjetlari daromadlarining prognozini maʼqullaydi;

v) ushbu Qonunda belgilangan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, tumanlar va shaharlar byudjetlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (bundan buyon matnda Moliya vazirligi deb yuritiladi):

a) birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning takliflariga asosan:

ushbu Qonun qabul qilingandan kundan boshlab bir oy muddatda birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun tasdiqlangan respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun tasdiqlangan byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga maʼqullash uchun takliflar kiritadi;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, tumanlar va shaharlar byudjetlarining loyihalarini tayyorlash uchun hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan ajratiladigan byudjet mablagʻlaridan foydalanishning asosi sifatida hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar roʻyxatini tasdiqlaydi;

v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy byudjetlarning loyihalarini tayyorlash boʻyicha tavsiyalar yuboradi.

4-modda. Birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlardan foydalanish

Ushbu Qonun bilan belgilangan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlardan faqat 2020 moliya yili davomida foydalaniladi.

2020 moliya yili oxirigacha foydalanilmagan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar kelgusi moliya yiliga oʻtkazilmaydi.

Birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan joriy yil uchun sohani rivojlantirish dasturlarini shakllantirish, shuningdek yuridik va moliyaviy majburiyatlarni qabul qilish faqat ularning respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlari miqdori doirasida amalga oshiriladi.

5-modda. Birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarni qayta koʻrib chiqish tartibi

Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) ushbu Qonunga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi taklif bilan birga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha asoslovchi materiallarni, shuningdek yangilangan makroiqtisodiy prognozlar, soliq va byudjet siyosatidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi.

6-modda. Birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarga oʻzgartirishlar kiritish

Birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi uchun respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarni boshqa birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchiga oʻtkazish (ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno):

10 va undan ortiq foiz miqdorda Oliy Majlis palatalari tomonidan;

10 foizdan kam miqdorda Moliya vazirligining taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu Qonunga muvofiq Moliya vazirligiga respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar tarkibida nazarda tutilgan quyidagi mablagʻlar birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarni hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga beriladigan byudjetlararo transfertlarni koʻpaytirish orqali Moliya vazirligi tomonidan qayta taqsimlanadi:

ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorlarini, ayrim xizmatlarning tariflarini va byudjet tashkilotlarining xodimlariga homiladorlik va tugʻish nafaqalarini oshirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun mablagʻlar;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha xarajatlar uchun mablagʻlar;

“Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirishda obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun qoʻshimcha kapital qoʻyilmalar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturidagi taqsimlanmagan mablagʻlar.

Obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish)
va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalarni amalga oshirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlarni joriy xarajatlarga yoʻnaltirish taqiqlanadi.

7-modda. Ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablagʻlariga oʻzgartirishlar kiritish

Birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun ajratilgan byudjet mablagʻlari doirasida ikkinchi darajali
byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi uchun ajratilgan mablagʻlarni boshqa ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchiga oʻtkazish:

10 va undan ortiq foiz miqdorda Moliya vazirligining taklifiga koʻra Vazirlar Mahkamasi tomonidan;

10 foizdan kam miqdorda tegishli birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchining taklifiga koʻra Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

8-modda. Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablagʻlariga oʻzgartirishlar kiritish

Bir hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarini boshqa hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchiga oʻtkazish ajratiladigan byudjet mablagʻlari doirasida:

10 va undan ortiq foiz miqdorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan;

10 foizdan kam miqdorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.

2-bob. Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti parametrlari

9-modda. Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti daromadlari va xarajatlari

2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjetining jamlanma parametrlari hamda 2021–2022-yillarga byudjet moʻljallari 1-ilovaga muvofiq hamda ularni tayyorlashda asos boʻlgan
2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va 2021–2022-yillarga maqsadli moʻljallar 2-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin.

10-modda. Davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda

Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari prognozi va xarajatlari

2020-yil uchun davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari prognozi maʼlumot uchun qabul qilinsin hamda ularning xarajatlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11-modda. Respublika byudjeti daromadlari prognozi va xarajatlari

2020-yil uchun:

respublika byudjeti daromadlari prognozi 4-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin;

respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Respublika byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining qoʻshimcha manbalari va yil boshiga qoldiq mablagʻlari tegishli ravishda ular umumiy xarajatlarining 3 foizidan oshmagan miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq foydalaniladi hamda foydalanilgan mablagʻlar boʻyicha Qonunchilik palatasiga har chorakda hisobot taqdim etiladi. Mazkur xarajatlar 3 va undan ortiq foizga oshgan taqdirda ushbu Qonunga oʻzgartirishlar kiritiladi.

12-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromadlari va xarajatlari

prognozlari

2020-yil uchun:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromadlari va xarajatlari prognozlari 6-ilovaga muvofiq maʼlumot uchun qabul qilinsin;

respublika byudjetidan viloyatlar mahalliy byudjetlariga ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar miqdorlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar miqdorini viloyatlar mahalliy byudjetlari daromadlari prognozining ijrosidan qatʼi nazar, kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

13-modda. Ayrim soliqlar va toʻlov stavkalari

2020-yil uchun:

Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan (xizmat koʻrsatiladigan), aksiz soligʻi solinadigan tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan aksiz soligʻi stavkalari 8-ilovaga muvofiq;

jismoniy va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi stavkalari
9-ilovaga muvofiq;

meva-sabzavotchilik mahsulotlari (sabzavotlar, poliz ekinlari, mevalar, tokzorlar) bilan band qilingan yerlar uchun meva-sabzavotchilik qishloq xoʻjaligi korxonalaridan undiriladigan yer soligʻi stavkalari
10-ilovaga muvofiq;

suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari
11-ilovaga muvofiq;

mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalari 12-ilovaga muvofiq;

jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan summalari 13-ilovaga muvofiq (bunda 2020-yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash tartibini tanlash huquqi beriladi);

mahalliy yigʻimlarning chegaralangan stavkalari 14-ilovaga muvofiq;

avtotransport vositalarini sotib olish va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha olib kirish uchun avtotransport vositasining egalari (foydalanuvchilari) ushbu avtotransport vositalarini ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazganda hamda chet el davlatlari avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi va hududida tranzit harakatlanishi uchun yigʻimlarning stavkalari 15-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kirishda qoʻllaniladigan bojxona boji hamda aksiz soligʻi stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlanadi.

14-modda. Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining, Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining zaxira jamgʻarmalarini shakllantirish

2020-yil uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hajmi 731 mlrd. soʻm miqdorida belgilansin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining va Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining 2020-yil uchun zaxira jamgʻarmalari tegishli byudjetlar umumiy xarajatlarining 1,5 foizidan kam boʻlmagan miqdorlarda shakllantiriladi.

Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining va Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining zaxira jamgʻarmalari mablagʻlari kechiktirib boʻlmaydigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi byudjet tizimi byudjetlarini shakllantirishda oldindan nazarda tutib boʻlmaydigan xarajatlarni, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik yuzaga kelgan vaziyatlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun ajratiladi.

15-modda. 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasining byudjet tizimi barqarorligini taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi byudjet tizimi byudjetlarining olti oylik yakunlari boʻyicha daromad prognozlarining bajarilmagan va joriy moliya yilining oxirigacha ularning kelib tushishiga doir yetarli asoslar mavjud boʻlmagan hollarda:

respublika byudjetining umumiy xarajatlarini 3 foiz va undan ortiq miqdorlarda kamaytirish Vazirlar Mahkamasining taklifiga koʻra Oliy Majlis palatalari tomonidan;

respublika byudjeti umumiy xarajatlarining 3 foizdan kam miqdorda respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarini kamaytirish Moliya vazirligining taklifiga koʻra Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari, Toshkent shahri shahar byudjeti, tumanlar va shaharlar byudjetlari xarajatlarini qisqartirish boʻyicha qarorlar tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.

Byudjetlar xarajatlarini qisqartirishda byudjet tashkilotlarining va byudjet mablagʻlari oluvchilarning byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirishi hamda qabul qilingan yuridik va moliyaviy majburiyatlari hisobga olinadi.

16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida olinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmlarini belgilash

2020-yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish boʻyicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 mlrd. AQSH dollari miqdorida belgilansin.

17-modda. Tashqi qarz hisobiga amalga oshiriladigan xarajatlar

2020-yilda davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilinadigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qaytariladigan tashqi qarzni oʻzlashtirishning cheklangan hajmi 1,5 mlrd. AQSH dollari miqdorida tasdiqlansin.

2020-yilda tashqi qarz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan davlat maqsadli dasturlari boʻyicha xarajatlarning vazirliklar
va idoralar kesimidagi cheklangan miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot
va sanoat vazirligining birgalikdagi taklifiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

3-bob. Byudjetlararo munosabatlarni tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari

18-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarini, tumanlar va shaharlar byudjetlarini koʻrib chiqish va qabul qilish tartibi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining navbatdagi yil uchun loyihalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ushbu Qonun kuchga kirgandan keyin bir hafta muddatda, mazkur Qonunga muvofiqlashtirilgan holda tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari toʻgʻrisida uch kun muddatda qaror qabul qilinadi.

Navbatdagi yil uchun tumanlar va shaharlar byudjetlarining loyihalari tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilingandan keyin uch kun ichida tegishli ravishda xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlariga kiritiladi.

Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan tumanlar va shaharlarning byudjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar uch kun ichida qabul qilinadi.

19-modda. 2020-yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, tumanlar va shaharlar byudjetlari daromadlarini shakllantirishning oʻziga xos xususiyatlari

Quyidagi soliq turlari tumanlar va shaharlar byudjetlariga toʻliq oʻtkaziladi:

jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;

jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;

jismoniy shaxslarning mol-mulkini ijaraga berishdan oladigan yillik daromadlari boʻyicha deklaratsiyaga asosan toʻlanadigan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan daromad soligʻi;

suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno;

qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq, bundan sement xom ashyosi va sement ishlab chiqarishda foydalaniladigan ohaktosh mustasno.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetiga, viloyatlar viloyat byudjetlariga va Toshkent shahri shahar byudjetiga quyidagilar toʻliq oʻtkaziladi:

yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;

yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi;

elektr stansiyalari tomonidan toʻlanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

yakuniy isteʼmolchilarga benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz realizatsiya qilishdagi aksiz soligʻi;

aylanmadan soliq;

qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda davlat bojlari (patent boji va litsenziya berganlik uchun davlat bojlaridan tashqari);

qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga undiriladigan jarimalar;

ayrim tovarlarning chakana savdosiga beriladigan huquq uchun undiriladigan yigʻimlar;

qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga undiriladigan boshqa yigʻimlar (bojxona yigʻimlaridan tashqari);

avtotransport vositalarini xarid qilganlik uchun ularni ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtkazish chogʻida avtotransport egalari (foydalanuvchilari) tomonidan toʻlanadigan yigʻimlar;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulk, mahalliy davlat hokimiyati organlarining aktivlari boʻyicha ajratmalar va dividendlar;

qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda davlat aktivlarini ijaraga berish va xususiylashtirishdan tushadigan daromadlar;

mobil aloqa xizmati va alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo uchun aksiz soligʻidan tushumlar tegishli ravishda 2019-yil 1-iyul holatiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri aholisining respublika aholisidagi ulushiga muvofiq.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetiga, viloyatlar viloyat byudjetlariga va Toshkent shahri shahar byudjetiga quyidagi ulushlarda:

jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan tushumlarning (jismoniy shaxslarning mol-mulkini ijaraga berishdan oladigan yillik daromadlari boʻyicha deklaratsiyaga asosan toʻlanadigan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan daromad soligʻidan tashqari) Navoiy viloyatida 70 foiz, Toshkent viloyatida 34 foiz, Toshkent shahrida 5 foiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foiz;

foyda soligʻidan tushumlarning (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq yirik soliq toʻlovchilar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy faoliyat olib boruvchi muassasa orqali faoliyat yurituvchi Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan, shuningdek norezidentlarning toʻlov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan toʻlanadigan foyda soligʻidan tashqari) Toshkent viloyatida 34 foiz, Toshkent shahrida 5 foiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foiz;

qoʻshilgan qiymat soligʻidan tushumlarning Qoraqalpogʻiston Respublikasida 100 foizi oʻtkaziladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari:

tegishli darajadagi mahalliy byudjetlarga ajratiladigan soliqlar va boshqa turdagi daromadlar (shu jumladan, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan daromadlar) hamda byudjetlararo transfertlarni taqsimlashga;

daromadlarning prognozini oshirib bajarishdan olinadigan mablagʻlarning bir qismini tumanlar va shaharlar byudjetlariga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun berishga haqli.

Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari:

ijaraga berilgan joyning yoki yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilayotgan joyning xususiyatlarini, shuningdek koʻrsatilayotgan xizmat turining mavsumiyligini hisobga olgan holda ijara toʻlovi boʻyicha eng kam stavkalarga hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan soliqning qatʼiy belgilangan miqdorlariga nisbatan qoʻllaniladigan 0,7 dan 1,3 gacha pasayib boruvchi yoki oʻsib boruvchi koeffitsiyentlarni kiritishga;

tumanlar va shaharlarning ommaviy dam olish va turizmga ixtisoslashtirilgan ayrim hududlarida Toshkent shahri uchun belgilangan miqdorlargacha ijara toʻlovi boʻyicha eng kam stavkalarga hamda jismoniy shaxslarning daromadidan olinadigan soliqning yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan miqdorlariga nisbatan qoʻllaniladigan oʻsib boruvchi koeffitsiyentlarni kiritishga haqli.

Agar qonun hujjatlarida mahalliy byudjetlarga tushadigan daromadlarning taqsimlanishi nazarda tutilmagan boʻlsa, bu turdagi daromadlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetiga, viloyatlar viloyat byudjetlariga va Toshkent shahri shahar byudjetiga oʻtkaziladi.

Davlat unitar korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi mavjud boʻlgan jamiyatlar tomonidan
2020-yilning 1-iyuliga qadar 2019-yil yakunlari boʻyicha oʻz sof foydasining 50 foizidan kam boʻlmagan miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga tegishli ravishda ajratmalar va davlat ulushi boʻyicha dividendlar hisoblanadi hamda 2020-yilning 1-sentyabridan kechiktirmasdan tegishli darajadagi byudjetlarga oʻtkaziladi.

20-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining, Toshkent shahri shahar byudjetining hamda tumanlar va shaharlar byudjetlarining qoʻshimcha manbalaridan foydalanish

Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari, Toshkent shahri shahar byudjeti, tumanlar va shaharlar byudjetlarining qoʻshimcha manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlar tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining takliflariga asosan birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirish maqsadida qabul qilinadi.

Tumanlar va shaharlar hokimliklari tumanlar va shaharlar byudjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiradi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari favqulodda vaziyatlarda va shunga oʻxshash kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishi talab etiladigan hollarda ishlatilgan mablagʻlar toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga hisobot berish sharti bilan qoʻshimcha manbalarni yoʻnaltirish boʻyicha qarorlar qabul qiladi.

21-modda. 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarini amalga oshirishning xususiyatlari

Quyidagi xarajatlar respublika byudjetidan moliyalashtirishga oʻtkaziladi:

umumtaʼlim maktablari hamda maktabgacha taʼlim muassasalarining birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi orqali (ushbu muassasalarning toʻrtinchi guruh xarajatlari tegishli tumanlar va shaharlar byudjetlari hisobidan amalga oshiriladi);

koʻp kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni taʼmirlash xarajatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tizimiga kiruvchi issiqlik taʼminoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital taʼmirlash xarajatlari.

Quyidagi xarajatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjetidan moliyalashtirishga oʻtkaziladi:

issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchilarga aholiga koʻrsatilgan issiqlik taʼminoti xizmati uchun pasaytirilgan tariflarni qoʻllash natijasida yuzaga keladigan zararni qoplash xarajatlari;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari hamda Qarshi magistral kanalining ekspluatatsiya boshqarmasini moliyalashtirish xarajatlari;

umum foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini ekspluatatsiya qilish xarajatlari;

davlat organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqarolar
yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash xarajatlari.

Quyidagi xarajatlar tumanlar va shaharlar byudjetlaridan moliyalashtirishga oʻtkaziladi:

fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan tayinlanadigan ijtimoiy nafaqalarni toʻlash xarajatlari;

davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati tuman va shahar markazlarini saqlash xarajatlari.

Eksperiment tariqasida:

Toshkent shahridagi umumtaʼlim va maktabgacha taʼlim muassasalarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), kapital taʼmirlash
va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalar Toshkent shahri shahar byudjeti hisobidan;

Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi ijtimoiy soha obyektlarini, ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimi obyektlarini, umum foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash, shuningdek sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash-tiklash xarajatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetidan moliyalashtiriladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tashabbusi bilan amalga oshiriladigan qoʻshimcha tadbirlar faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tegishli byudjetlarni birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar xarajatlari rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantiradi.

Choraklar yakuni boʻyicha ushbu Qonunning 6-ilovasida keltirilgan daromadlarning prognoz koʻrsatkichlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan holda 5 foizdan ortiq miqdorga bajarilmasa va moliya yili oxirigacha ushbu mablagʻlarning tushish ehtimoli boʻlmasa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari Vazirlar Mahkamasiga xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan koʻrilgan choralar bilan birgalikda tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar miqdorini oshirish yuzasidan murojaat qiladi hamda bu taklif Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu Qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi. Tuman va shahar hokimliklari ham Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga xuddi shu tartibda murojaat etadi.

4-bob. Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjeti ijrosining shaffofligini taʼminlash

22-modda. Byudjet jarayonining shaffofligini taʼminlash

Birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamgʻarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi har chorak yakuni bilan keyingi chorak birinchi oyining
25 sanasiga qadar oʻzining rasmiy veb-saytlariga:

oʻz tasarrufidagi byudjet tashkilotlari kesimida mablagʻlar taqsimoti;

moliyaviy hisobotlar;

kapital qoʻyilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning ijrosi;

oʻtkazilgan tanlov (tender) savdolari va amalga oshirilgan davlat xaridlari toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlarni joylashtirib boradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda tegishli byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarning roʻyxatini, loyihaning qiymati va ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni doimiy ravishda oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib boradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi soliq va bojxona imtiyozlari roʻyxatini hamda taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlarining miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har chorak yakuni boʻyicha keyingi chorak birinchi oyining
25 sanasiga qadar soliq toʻlovchilar kesimida oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib boradi.

Davlat moliyaviy nazorati organlari moliya yilining birinchi oyida moliya yili uchun ish rejalarini hamda nazorat tadbirlari natijalariga koʻra aniqlangan moliyaviy qonunbuzarliklar va ijobiy natijalar haqidagi maʼlumotlarni har chorak yakuni bilan keyingi chorak birinchi oyining 10 sanasiga qadar oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib boradi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari, tumanlar va shaharlar byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar, qurish, rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari olib borilayotgan obyektlar roʻyxati, shuningdek qurilish-taʼmirlash ishlarining moliyalashtirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan majburiy tartibda oʻz rasmiy
veb-saytlarida joylashtirib boriladi.

23-modda. Birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning, davlat maqsadli jamgʻarmalarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining hisobdorligi

Vazirlar Mahkamasi hisobot yilidan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan birga, shuningdek har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni Qonunchilik palatasiga taqdim etadi.

Qonunchilik palatasi birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning va davlat maqsadli jamgʻarmalarining ularga ajratilgan byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitishga haqli.

Davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi taqsimlovchi organlari Moliya vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti boʻyicha hisobotni tuzish uchun ushbu jamgʻarmalar byudjetlari hamda daromadlari va xarajatlari ijrosi yuzasidan hisobotlarni taqdim etadi.

Qonunchilik palatasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ijrosini koʻrib chiqish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

24-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari hamda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning hisobdorligi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tegishli ravishda hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitishga haqli.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklari Moliya vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti boʻyicha hisobotni tuzish uchun mahalliy byudjetlar ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim etadi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

25-modda. 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunni buzganlik uchun javobgarlik

2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

26-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

Vazirlar Mahkamasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

27-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

28-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti SH. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019-yil 9-dekabr

№ OʻRQ—589

*Oʻzbekiston Respublikasi “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonunining 1–15-ilovalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi va Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplamida eʼlon qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?