2019-yilning oʻzida hokimlarning 3400 dan ortiq qarorlari haqiqiy emas deb topilgan — hukumatga parlament so'rovi yuboriladi

17:41 11 May 2020 Siyosat
216 0

Yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan Hokimlar tomonidan qonun hujjatlari talablariga rioya qilmasdan qarorlar qabul qilish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan hokimlarning qonun hujjatlari talablariga muvofiq qarorlar qabul qilinishi holati oʻrganildi. Tahlillarga koʻra, birgina 2019-yilning oʻzida hokimlarning 3400 dan ortiq qarorlari haqiqiy emas, deb topilgan.

Maʼmuriy sudlar tomonidan bu borada 2019-yilda jami 2 992 ta ish koʻrilgan boʻlib, ularning 1 255 tasi (42 %) qanoatlantirilgan. 2020-yilning yanvar-fevral oylarida esa 552 ta ish koʻrilgan va ularning 248 tasi yoki 45 foizi qanoatlantirilgan.

Keltirilgan raqamlar shuni koʻrsatib turibdiki, murojaatlar soni

10 foizga, ularni qanoatlantirish esa, yaʼni hokimlarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish 3 foizga koʻpayib, bunday murojaatlarni qariyb 50 foizi qanoatlantirilgan.

Bu borada fuqarolar norozi boʻlib murojaat qilish soni va hokimlarning qonun hujjatlari talablariga rioya qilmasdan qarorlar qabul qilishi holatlari koʻpayib borgan.

Tuman, shahar hokimlari vakolatga ega boʻlmasa-da, qonunga zid ravishda bino-inshootlarni balansga olish toʻgʻrisida, yer uchastkasini ajratish vakolati ularga berilmagan normativ-huquqiy hujjatlarga asoslangan holda ajratilayotgan yer maydonini toʻlaqonli oʻrganilishini taʼminlamasdan yer ajratish yuzasidan qarorlar qabul qilgan.

Shuningdek, qonun hujjatlariga koʻra yer uchastkalari qonunga zid ravishda olib qoʻyilganligi munosabati bilan mulkdorlarga zarar yetkazilganligi uchun mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik masalalari qatʼiy belgilanmagan, eng muhimi, bunga huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan oʻz vaqtida munosib eʼtibor berilmagan.

Mulkdorlarning mulki musodara qilinishi haqida ogohlantirishning olti oylik muddatiga rioya qilmaslik, mulkchilik obyekti uchun kompensatsiya mablagʻlarini toʻlamay yoki qiymati boʻyicha teng mol-mulkni taqdim etmay majburan chiqarib yuborish odatiy holga aylangan.

Mahalliy hokimiyat organlari vakillarining mulk egalariga koʻp holatda qoʻpol munosabatda boʻlishi aholining ijtimoiy kayfiyatiga putur yetkazuvchi omil boʻlmoqda.

Shunga asosan, mazkur masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga parlament soʻrovi yuborish boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?