10-iyul kuni Facebookʻda katta uzilish sodir boʻldi. Texnik xatolarni bartaraf qilish ustida ish olib borilmoqda

23:15 10 Iyul 2020 Dunyo
687 0

Facebookʻda foydalanuvchilarni avtorizatsiya qilish va ijtimoiy tarmoqqa kirishda global uzilishlar kuzatilmoqda. Bu haqda “Oʻzkomnazorat” axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, 2020-yil 10-iyul kuni Facebook ishlashida katta uzilish sodir boʻldi.

Mutaxassislarning fikricha tarmoq ilovasida ommaviy ravishda kuzatilgan uzilishga Facebook (Facebook SDK) jamlanmasini ishlab chiqish bilan bogʻliq muammo sabab boʻlishi mumkin.

The Verge nashrining yozishicha, koʻplab ilovalar foydalanuvchilarni avtorizatsiya qilishda Facebook akkauntlaridan foydalanadi.

10-iyul tongida kompaniya dastur ishlab chiquvchilar platformasida muammodan boxabarligi va iOS foydalanuvchilari duch kelgan texnik xatolarni bartaraf qilish ustida ish olib borayotganini maʼlum qilgan.

iOS foydalanuvchilari Facebook SDK bilan integratsiyalashgan Spotify, Pinterest, TikTok va boshqa koʻplab ilovalariga kirishning iloji boʻlmayotganidan shikoyat qilgan.

Dasturlar Internet tarmogʻi (4G yoki WiFi) faollashgan vaqtda ishlamay qolgan, biroq smartfon “Parvoz” rejimiga oʻtkazilgan vaqtda ular yana avvalgidek ishlay boshlagan.

Bundan tashqari shunga oʻxshash avtorizatsiya yoki ilovaga kirish bilan bogʻliq muammolar Android hamda Windows tizimlarida ham kuzatilgan.

Toshkent vaqti bilan 18:30 holatiga koʻra muammo hali toʻliq bartaraf qilinmagan va kompaniya dastur ishlab chiquvchilari rasmiy manbasi bu boradagi ishlar davom etayotganini xabar qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?